Асосий меню

Fuqorolar murojaati xaqida

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI


 

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING «FUQAROLAR MUROJAATLARI TO‘G‘RISIDAGI » QONUNGA O‘ZGARTIRIShLAR VA QO‘ShIMChALAR KIRITISH TO‘G‘RISIDA


(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003y., ¹ 1,. 7-bet)

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qaror qiladi:

O‘zbekiston Respublikasining 1994-yil 6-maydagi «Fuqarolar murojaatlari to‘g‘risidagi» Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Yuqori Kengashining Axborotnomasi, 1994y., ¹ 5,. 140-bet) yangi tahririni tasdiqlab, o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin (ilova qilinadi).

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV

Tashkent sh., 2002 y. 13-dekabr ¹ 446-II


O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING

«FUQAROLAR MUROJAATLARI TO‘G‘RISIDAGI » QONUNI

(yangi tahriri)

1. UMUMIY NIZOMLAR

 

1-modda. Ushbu qonunning maqsadi Ushbu qonun fuqarolarning davlat organlariga, muassasalariga (bundan buyon matnda davlat organlari deb yuritiladi) murojaatlari sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.

 

2-modda. Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari.Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

 

 

3-modda. Fuqarolarning murojaat etish huquqi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari davlat organlariga arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan murojaat etish huquqiga ega.

Fuqarolarning murojaat etish huquqidan foydalanishlari boshqa shaxslarning, jamiyat va davlatning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga putur yetkazmasligi kerak.

Xorijiy davlatlarning fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi davlat organlariga ushbu qonunga muvofiq murojaat etish huquqiga ega.

Fuqarolar tomonidan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga murojaat etish sohasidagi munosabatlar ushbu qonunda belgilangan tarzda tartibga solinadi.

Fuqarolarning murojaatlari, agar qonunlarda ularni ko‘rib chiqishning boshqacha tartibi belgilangan bo‘lsa, ushbu qonunga muvofiq ko‘rib chiqilmaydi.

 

4-modda. Fuqarolarning murojaatlari shakllari

 

Fuqarolarning murojaatlari og‘zaki yoki yozma shaklda kiritiladi. Fuqarolarning og‘zaki va yozma murojaatlari bir xil ahamiyatga ega.

Fuqarolarning murojaatlari yakka tartibda yoki jamoa tomonidan berilishi mumkin.

 

5-modda. Fuqarolarning murojaatlari turlari

 

Fuqarolarning murojaatlari ariza, taklif yoki shikoyat ko‘rinishida bo‘lishi mumkin.

Ariza fuqarolarning o‘z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarishda yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi iltimosi bayon etilgan murojaatidir.

Taklif fuqarolarning davlat va jamiyat faoliyatini takomillashtirishga doir tavsiyalarini o‘z ichiga olgan murojaatidir.

Shikoyat fuqarolarning buzilgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini tiklash to‘g‘risidagi talabi bayon etilgan murojaatidir.

 

6-modda. Fuqarolarning murojaatlariga qo‘yiladigan talablar

 

Murojaatlarda fuqaroning familiyasi (ismi, otasining ismi), yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan, ariza, taklif yoki shikoyatning mohiyati bayon etilgan bo‘lishi kerak.

Yozma murojaatlarda murojaat etuvchining imzosi bo‘lishi lozim. Murojaatga shaxsiy imzo qo‘yish imkoni bo‘lmagan taqdirda, bu murojaatlar uni yozib bergan shaxsning imzosi bilan tasdiqlanib, uning familiyasi, ismi, otasining ismi ham yozib qo‘yiladi.

Fuqaroning familiyasi (ismi, otasining ismi), yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilmagan yoki u haqda soxta ma’lumotlar ko‘rsatilgan, shuningdek imzo qo‘yilmagan yozma murojaatlar anonim deb hisoblanadi va ko‘rib chiqilmaydi.

 

7-modda. Fuqarolarning murojaatlari va ommaviy axborot vositalari

 

Fuqarolarning davlat organlariga gazetalar, jurnallar, televideniye, radio va boshqa ommaviy axborot vositalari tahririyatlari orqali kelib tushgan murojaatlari ushbu qonunda nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqiladi.

Fuqarolarning ommaviy axborot vositalariga yo‘llagan murojaatlaridan ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq jamoat fikrini o‘rganish va aks ettirish uchun foydalanilishi mumkin.

 

8-modda. Fuqarolarni qabul qilish

 

Davlat organlarida fuqarolarni qabul qilish tashkil etiladi. Fuqarolarni qabul qilish rahbar yoki boshqa mansabdor shaxs tomonidan amalga oshiriladi. Buning uchun davlat organlarida alohida bo‘linmalar tuzilishi mumkin, fuqarolarni qabul qilish uchun mas’ul mansabdor shaxslar belgilab qo‘yiladi.

Qabul belgilangan kun va soatlarda, fuqarolar uchun qulay vaqtda o‘tkaziladi, qabul jadvali fuqarolar e’tiboriga yetkaziladi.

Fuqaro og‘zaki murojaat etayotganda o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjat ko‘rsatishi kerak.

Fuqaroni qabul qilish, agar uning bir necha bor qilgan murojaati asossiz, qonunga xilof xususiyatda bo‘lsa yoki uning murojaati bo‘yicha qaror qabul qilib bo‘lingan bo‘lsa, rad etilishi mumkin.

Davlat organlarida fuqarolarni qabul qilish tartibi mazkur organlar rahbarlari tomonidan belgilanadi.

 

9-modda. Fuqarolarning murojaatlari bo‘yicha ish yuritish

 

Davlat organlarida fuqarolarning murojaatlari bo‘yicha ish yuritish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda olib boriladi.

 

10-modda. Fuqarolar murojaat etish huquqidan foydalanayotganda ixtiyoriylik

 

Fuqarolarning murojaat etish huquqi ixtiyoriylik asosida amalga oshiriladi. Hech kim biron bir murojaatni himoya etishga yoki unga qarshi qaratilgan harakatlarda ishtirok etishga majbur qilinishi mumkin emas.

 

11-modda. Fuqarolar murojaat etish huquqidanfoydalanayotganda kamsitishga yo‘l qo‘yilmasligi

 

Fuqarolar murojaat etish huquqidan foydalanayotganda ularni jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeiga qarab kamsitish taqiqlanadi.

 

12-modda. Fuqarolarning murojaatlarini qabul qilish va ko‘rib chiqishning majburiyligi

 

Fuqarolarning murojaatlari albatta qabul qilinishi va ko‘rib chiqilishi kerak, ushbu qonun 6-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Fuqaro uning murojaatini qabul qilish va ko‘rib chiqish asossiz ravishda rad etilganligi ustidan bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoki bevosita sudga shikoyat berishga haqli.

 

13-modda. Fuqarolarning murojaatlari munosabati bilan ayon bo‘lib qolgan ma’lumotlarning oshkor etilishigayo‘l qo‘yilmasligi

 

Fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqishda fuqarolarning shaxsiy hayotiga doir ma’lumotlar ularning roziligisiz, shuningdek davlat siri yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sir hisoblangan ma’lumotlar va, agar fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini kamsitadigan bo‘lsa, boshqa axborotlar davlat organlari xodimlari tomonidan oshkor etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Murojaatga taalluqli bo‘lmagan, fuqaroning shaxsiga doir ma’lumotlarni surishtirib bilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Fuqaroning iltimosiga binoan uning shaxsiga doir biron bir ma’lumot oshkor etilmasligi kerak.

 

14-modda. Fuqarolarning murojaat etishi munosabati bilan ularning xavfsizligi kafolatlari

 

Fuqarolarni hamda ularning oila a’zolarini o‘z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish yoki himoya qilish maqsadida davlat organlariga murojaat etganliklari uchun ta’qib qilish man etiladi.

 

III. FUQAROLARNING ARIZALAR, TAKLIFLAR VA

SHIKOYATLAR BERISH TARTIBI HAMDA ULARNI

KO‘RIB CHIQISH

 

15-modda. Arizalar, takliflar va shikoyatlarni berish tartibi

 

Fuqarolarning ariza, taklif va shikoyatlari ularda qo‘yilgan masalalarni hal etish vakolat doirasiga kiradigan davlat organiga bevosita yoki bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga beriladi.

Fuqaro ariza, taklif va shikoyatni shaxsan berishga, shuningdek bu boradagi vakolatni o‘z vakiliga berishga yoki murojaatini aloqa vositalari orqali yuborishga haqli. Voyaga yetmaganlar hamda muomalaga layoqatsiz shaxslar manfaatlarini ko‘zlab ariza, taklif va shikoyat ularning vakillari tomonidan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda berilishi mumkin.

Ariza, taklif va shikoyatga ular yuzasidan ilgari qabul qilingan, fuqarodagi mavjud qarorlar (yoki ularning nusxalari), shuningdek ariza, taklif va shikoyatni ko‘rib chiqish uchun zarur bo‘lgan boshqa hujjatlar ilova qilinishi mumkin.

 

16-modda. Arizalar, takliflar va shikoyatlarniberish muddatlari

 

Fuqarolarning ariza, taklif va shikoyatlar berishi uchun muddat belgilanmaydi. Ayrim hollarda muayyan davlat organining ariza, taklif va shikoyatni ko‘rib chiqish imkoniyatiga, fuqarolarning huquq va erkinliklarini o‘z vaqtida ro‘yobga chiqarish, ularning qonuniy manfaatlari himoya etilishini ta’minlash zaruratiga bog‘liq bo‘lsa, shuningdek qonunlarda nazarda tutilgan boshqa asoslarga ko‘ra, bunday davlat organlariga ariza, taklif va shikoyatlarni berish muddati belgilanishi mumkin.

Bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga ariza yoki shikoyat fuqaroga uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini buzuvchi harakatlar (harakatsizlik) sodir etilganligi yoki qarorlar qabul qilinganligi ma’lum bo‘lib qolgan paytdan e’tiboran uzog‘i bilan bir yil ichida berilishi mumkin. Uzrli sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborilgan muddat ariza yoki shikoyatni ko‘rib chiquvchi davlat organi tomonidan tiklanadi.

 

 

17-modda. Fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish

 

Fuqarolarning davlat organiga kelib tushgan murojaatlari ana shu organning o‘zi yoki zimmasiga murojaatlarni ko‘rib chiqish vazifasi yuklatilgan mansabdor shaxs tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Fuqarolarning murojaatlari, agar ular qo‘yilgan masalalarni hal etish vakolat doirasiga kirmaydigan davlat organiga yuborilgan bo‘lsa, uzog‘i bilan besh kunlik muddat ichida tegishli organlarga jo‘natiladi va bu haqda fuqaroga xabar qilinadi. Murojaatlarni ko‘rib chiqishi uchun boshqa davlat organlariga asossiz ravishda berish yoki qarori yoxud harakati ustidan shikoyat qilinayotgan davlat organlari yoki mansabdor shaxslarning o‘ziga jo‘natish man etiladi. Agar fuqarolarning murojaatlarida ularni tegishli organlarga jo‘natish uchun zarur ma’lumotlar bo‘lmasa, bu murojaatlar xuddi shu muddat mobaynida asoslantirilgan tushuntirish bilan fuqaroning o‘ziga qaytariladi.

Fuqarolarning murojaatlarini har taraflama mufassal va xolisona ko‘rib chiqish uchun qo‘shimcha axborotlar, ma’lumotnomalar va materiallarga zarurat paydo bo‘lsa, mazkur murojaatni ko‘rib chiqayotgan davlat organining mansabdor shaxsi qo‘shimcha axborot to‘plashi mumkin.

Fuqarolarning murojaatini ko‘rib chiqayotgan davlat organi zarur hollarda murojaat joyning o‘zida ko‘rib chiqilishini ta’minlashi kerak.

Alohida hollarda, murojaat etgan shaxsning o‘zi yoki boshqa shaxs yo‘qligida murojaatni ko‘rib chiqishning imkoni bo‘lmasa, ular davlat organining mansabdor shaxsi tomonidan chaqirilishi mumkin.

Fuqarolarning murojaatlari bo‘yicha qabul qilingan qarorlarni davlat organining rahbari yoki boshqa vakolatli mansabdor shaxsi imzolaydi.

Agar ariza, taklif yoki shikoyatda bayon qilingan masalalar hal etilayotganda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning faoliyatini tekshirish zarurati yuzaga kelsa, bu ish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

 

18-modda. Fuqarolarning murojaatlariniko‘rib chiqish muddatlari

 

Fuqarolarning takliflari tushgan kundan e’tiboran bir oygacha bo‘lgan muddat ichida ko‘rib chiqiladi, qo‘shimcha o‘rganishni talab etadigan takliflar bundan mustasno va bu haqda taklif kiritgan shaxsga o‘n kunlik muddat ichida ma’lum qilinadi.

Ariza yoki shikoyatlar masalani mohiyatan hal etishi shart bo‘lgan davlat organiga tushgan kundan e’tiboran bir oygacha bo‘lgan muddat ichida, qo‘shimcha o‘rganishni va tekshirishni talab etmaydigan ariza yoki shikoyatlar esa o‘n besh kundan kechiktirmay ko‘rib chiqiladi.

Ariza yoki shikoyatni ko‘rib chiqish uchun tekshirish o‘tkazish, qo‘shimcha materiallar talab qilib olish yoki boshqa chora-tadbirlar ko‘rish zarur bo‘lgan hollarda, ariza yoki shikoyatni ko‘rib chiqish muddati tegishli davlat organi rahbari tomonidan istisno tariqasida uzog‘i bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin va bu haqda ariza yoki shikoyat bergan shaxsga ma’lum qilinadi.

 

IV. MUROJAATLARNI KO‘RIB CHIQISHDA

FUQAROLARNING HUQUQLARI VA DAVLAT

ORGANLARINING MAJBURIYATLARI

 

19-modda. Murojaatlarni ko‘rib chiqishda fuqarolarning shaxsan ishtirok etish huquqi

Murojaat davlat organlari tomonidan ko‘rib chiqilayotganda fuqaro murojaatning ko‘rib chiqilishi jarayoni haqida axborot olish, vajlarini shaxsan bayon etish va izohlar berish, murojaatni tekshirish materiallari hamda ko‘rib chiqish natijalari bilan tanishish, qo‘shimcha materiallar taqdim etish yoki ularni boshqa organlardan so‘rab olish to‘g‘risida iltimos qilish, advokat yoki o‘z vakili xizmatlaridan foydalanish huquqiga ega.

Murojaatni ko‘rib chiqayotgan davlat organlarining mansabdor shaxslari fuqarolarga ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxldor hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini ta’minlashlari shart.

 

20-modda. Fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqishda qabul qilinadigan chora-tadbirlar

 

Davlat organlari fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqishda qonunga xilof harakatlarning (harakatsizlikning) darhol oldini olishga doir chora-tadbirlar ko‘rishlari, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilishiga olib kelayotgan sabablar va sharoitlarni aniqlashlari, murojaat qilganliklari munosabati bilan fuqarolar ta’qib qilinishining belgilangan tartibda oldini olishlari shart.

 

21-modda. Fuqaroning murojaatini ko‘rib chiqqan davlat organining majburiyatlari

 

Fuqaroning murojaatini ko‘rib chiqqan davlat organi unga murojaatni ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risida va qabul qilingan qarorning mohiyati haqida yozma shaklda xabar qilishi shart.

Ariza yoki shikoyat yuzasidan qaror qabul qilgan davlat organining mansabdor shaxsi, agar fuqaro qarorga rozi bo‘lmasa, unga qabul qilingan qaror ustidan shikoyat berish tartibini tushuntirishi shart.

Fuqaroning murojaatini ko‘rib chiqqan davlat organi, uning mansabdor shaxsi murojaatni ko‘rib chiqish natijalari yuzasidan qabul qilingan qaror ijrosini nazorat qilishi, agar fuqaroga uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilishi natijasida zarar yoki ma’naviy ziyon yetkazilgan bo‘lsa, qonunda belgilangan tartibda zararning o‘rnini qoplash yoki ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilishga doir chora-tadbirlar ko‘rishi ham shart.

 

22-modda. Fuqarolarning murojaatlari bilan olib boriladigan ish tahlili

 

Fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqayotgan davlat organlari fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, shuningdek jamiyat va davlat manfaatlari buzilishini yuzaga keltiruvchi sabablarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish maqsadida arizalar, takliflar va shikoyatlarni belgilangan tartibda umumlashtiradilar hamda tahlil etib boradilar.

 

V. FUQAROLARNING MUROJAATLARI TO‘G‘RISIDAGI

QONUN HUJJATLARINI BUZGANLIK UChUN

JAVOBGARLIK

 

23-modda. Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ijrosi ustidan nazorat

Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ijrosi ustidan nazoratni davlat hokimiyati va boshqaruv organlari o‘z vakolatlari doirasida ta’minlaydilar.

 

 

24-modda. Mansabdor shaxslarning fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarligi

 

Fuqarolarning murojaatlarini qabul qilishni va ko‘rib chiqishni asossiz ravishda rad etish, ularni ko‘rib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzish, qonunga zid qaror qabul qilish, fuqaroning buzilgan huquqlari tiklanishini hamda shikoyat munosabati bilan qabul qilingan qaror bajarilishini ta’minlamaganlik, fuqaroga uning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini berishni asossiz ravishda rad etish yoki fuqarolarning shaxsiy hayotiga doir ma’lumotlarni ularning roziligisiz oshkor etish, fuqaroni murojaat qilganligi uchun ta’qib qilish, shuningdek fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini boshqacha tarzda buzish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.

 

 

25-modda. Fuqaroning ariza yoki shikoyatini ko‘rib chiqishda qonun talablarining buzilishi oqibatida fuqaroga etkazilgan zararning o‘rnini qoplash

 

Fuqaroning arizasi yoki shikoyati qanoatlantirilgan taqdirda, ana shu murojaat bo‘yicha qonunga xilof qaror qabul qilgan davlat organi ariza yoki shikoyat berish va uni ko‘rib chiqish munosabati bilan fuqaroga yetkazilgan zararning o‘rnini, tegishli davlat organining talabi bilan ariza yoki shikoyatni ko‘rib chiqish uchun joylarga borish munosabati bilan sarf qilingan xarajatlarni qoplaydi hamda ana shu vaqt ichida yo‘qotilgan ish haqini to‘laydi. Fuqaroga yetkazilgan ma’naviy ziyon ham sud tartibida kompensatsiya qilinishi mumkin.

Fuqaroning arizasi yoki shikoyatini ko‘rib chiqishda qonun talablari buzilganligi munosabati bilan unga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash maqsadida davlat organi tomonidan to‘langan mablag‘lar aybdor mansabdor shaxsdan regress tartibida undirib olinishi mumkin.

 

 

26-modda. Fuqaroning g‘ayriqonuniy xususiyatdagi ariza, taklif yoki shikoyat berganlik uchun javobgarligi

 

Fuqaroning tuhmat va haqoratdan iborat ariza, taklif yoki shikoyat berganligi qonunda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.

 

 

27-modda. Fuqarolarning bila turib soxta ma’lumotlar bayon etilgan murojaatlarini tekshirishga sarf qilingan xarajatlarni qoplash

 

Bila turib soxta ma’lumotlar bayon etilgan murojaatlarni tekshirish munosabati bilan davlat organi tomonidan sarf qilingan xarajatlar fuqarodan sudning qaroriga binoan undirib olinishi mumkin.

 

 

28-modda. Nizolarni hal etish

 

Fuqarolarning murojaatlari munosabati bilan zararning o‘rnini qoplash va ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish to‘g‘risidagi nizolar sud tartibida ko‘rib chiqiladi.